суббота, 19 августа 2017 г.

Из дневника будущей мамы

Вот уже 9 месяцев не знаю кого люблю (любила). Нет, вопрос будем ставить по другому: Любила ли Я когда нибудь?!
Мама, мама... Вот уже 9 месяцев мое сердце бьется только этим шепотом. 40 недель... это совсем мало для того, чтобы жить Тобой, мама!
Кто сказал что после рождения ребенка частенько забываешь про нее, потому что, всецело отдаешься своему "Ваше Высочество"- ребенку?!! Нет! Мама, рождение ребенка и каждая капля любви которую даришь малышу- это ежесекундное благодарение Тебе, этим каждым секундом еще больше вселяешься в душу.

Мама! Мам! Люблю Тебя! Любила только Тебя! Больше никого. Никогда!       (оказывается!...)

10.08.2015. 
21-45.

среда, 26 июля 2017 г.

Kayfiyat #1

Hammani yaxshi ko'rib ketasan. Hammadanam ko'ra o'zingni ko'proq. Oynaga qarasang, bir ajoyib, dilbar chexra qarab "O'o'o', bugun boshqachamisiz?!!..." deydi. Keyin sen ham unga "Ashnaqa-ta!!" deb nozlanib qo'yasan. Butun boshli uydagi ishlaringga ulgurib, bolangga vaqt ajratib, u bilan o'ynab, eringga shunchaki kulib qarashga, hatto, o'zing uchun vaqt ajratishga ham ulgurasan kayfiyating yaxshiligida. 
Kayfiyating yaxshiligida "mix"ga qo'yilgan pleylistingda ham zo'r qo'shiqlar "turib" qolganga o'xshaydi. Masalan, hozirgiday: "By your side" Yves Larock ➤ "Девушка из высшего общества" Валерий Меладзе➤ "Won't stop" "One republic"... 
Oyoq kiyimlaring orasidan bechoraga o'xshab qarab turgan krossovkangni va nihoyat kiyib, hovlida bir necha doira aylanib chiqasan. 
Oshxonada "ijod qilish"ga ilhoming quyilib kelayotgan bir payt bo'lishiga qaramay, o'tirib, shu narsalarni qoralashgayam erinmaysan bunaqa kayfiyatda. 
Qo'shiqda eshitib qolgan "...Она увлечена Достоевским" degan so'zlar ham ta'sir qilib ketib, hammasini yig'ishtirib, o'tirvolib, kitoblaringga "sho'ng'iging" ham kelib ketadi. 

Kayfiyating yaxshiligida dunyodagi eng chiroyli, eng hushmuomala, eng farosatli, eng chaqqon, eng mexribon, eng eng ENG BAXTLISAN!...

Mana shu "eng"lar kayfiyating sal anaqaroqligida ham joyida qolsa zo'r bo'lardi-da. Yo'q, "daxshat" bo'lardi! Yoki kayfiyatingda "Doim zo'rman" deb nomlangan faqat bitta punkt bo'lsa! (Qaniydi!) ....

пятница, 17 марта 2017 г.

Onam yig'lamasinlar!...

Onam hozir xuddi  qizimga o’xshab qoldilar…
Hamroxon ayasini ko’zdan qochirib qo’ysa, vaximaning uyasini quradi. Uzoqdan ko’rinib qolgudek bo’lsam, jon-jaxdi bilan yonimga “uchib” keladi. Uxlayotganida qo’llarini bo’ynimga xalqa qilib o’rab, chirmab tashlaydi, ayam qochib ketmasin deb. Orada ko’zlari yumuq holda ham bir qo’lini cho’zib  qo’yadi, agar ko’zlangan predmet (ya’ni, ayasining qulog’i) qo’lga ilinmasa, shirin uyqu bemaza yig’iga aylanadi. Agar , mabodo, uyg’onganida yolg’iz bo’lsa, unda, huddi onasi tashlab ketgan bolaning ko’z yoshlariga o’xshagan dardli nolani butun mahalla eshitadi.
                Bola eng qo’rqadigani ham shu, onam meni tashlab ketmasin deydi.  Bola istamaydigan yana bir narsa bor, onam yig’lamasin deydi…
                Buvim betoblar. Og’ir betob…  

Onam huddi bolamga o’xshab qoldilar…


                Onasi bor insonlarning hammasi bola… 

вторник, 15 ноября 2016 г.

Baxt

Bilasizmi nima, hayot faqat baxtdan iborat. Bu gapim sentimental odamning balandparvoz gaplariga o’xshab ko’rinayotgandur. Bilaman, g’ashingiz ham keldi, a?! Siz to’xtang, hozir tushuntiraman.

Mening ismim Nozima. Yoshim 1,3 daJ Ishonmayabsizmi?! Ishonavering!

Mening dugonam bor. Uning ismi Hamroxon. Hamroxonning ko’zlari munchoqqa o’xshaydi. Kipriklari menikidan uzun, ham chiroyli. Qoshlari qalin-  o’sma qo’ysa qop-qora uchadi. Sochlari qo’ng’ir-qo’ng’ir. Sherigim mendan chiroyliroq bo’lsa ham, uni yaxshi ko’raveraman. Chunki, biz doim birga o’ynaymiz. Hovlida quqularimizni poylab o’tiramiz, ko’rinib qolishsa sevinchdan qiyqirib-qiyqirib kulamiz. Ko’chaga chiqib babalar o’tishini kutamiz. (Biz uchun hamma 4 oyoqlilar-  “baba” ) Poda bo’lib oldimizdan o’tishayotganda men ozroq qo’rqaman babalardan, lekin Hamrojon qo’rqmaydi. Huddi atayin meni yanayam qo’rqitish uchun “BA! BA!” deb qo’llarini cho’zib ularni chaqiradi. Men uni arang uyga kirib ketishga ko’ndiraman. Keyin biz birga ovqatlanamiz. Olmani ko’rsak ko’zlarimiz chaqnab, quqularday qanot yoyganday qo’llarimizni “pir-pir” qilamiz. Mazzza qilib, suvlarini oqizib oldidagi 4ta tishimizda quyonchalarga o’xshab paqqos tushiramiz. Ashshalarniyam har qoshig’ini huddi dunyodagi eng mazali taomni yeyayotganday ishtaxa bilan yeymiz. (U hoh qaynatilgan guruch, yoki shunchaki sabzavotli sho’rva bo’lsa ham) Haligacha yurishni bilmasak ham emaklab quvlashmachoq o’ynashni qoyillatamiz. O’qishniku hali bilmaymiz-a, lekin dugonam huddi bir nimani tushunayotgandek to’g’ri kelgan kitob yoki gazetani ushlab menga nimalarnidur “o’qib” beradi o’zicha. Ba’zan uyimizga yaqin yerdagi xiyobonga boramiz. Ikkalamiz ham fontanlarni yahshi ko’ramiz. Yaqiniga borib suvlarni sachratib-sachratib o’ynaymiz. Ammo, baribir men aqlliroqmanda, ustimizni ho’l qilib yubormaylik deb sherigimni chalg’itib boshqa joyga olib ketaman. Uyqimiz kelganida uyga qaytib, “achom-achom” qilib birga uxlab qolamiz. Men uncha ko’p uxlamayman. Hamroxon turgunicha uning kukuruzlarini ham yeb qo’yadigan odatim bor...:)  Lekin, biz urushmaymiz. Chunki, biz umrbod do’stlarmiz.

 Ehhee, yana nimalarni aytay?! Bolalikka qaytib qolish mumkinligini, va bu qiyin emasligini tushungandursiz?! Baxt naqadar oddiy tushunchaligini, o’zingizning naqadar baxtli ekanligingizni anglagandursiz?!


Qanday yashashni, baxtli bo’lishni, Yaratgan bergan har qanday nasibaga ko’nib, undan baxra olishni o’rganish uchun eng oson usulni farzand ne’mati bilan berib qo’yganini ko’ryabsizmi Egamning?!

понедельник, 24 октября 2016 г.

Qushcha

Go'zal bir bog'da mitti qushcha yashardi. Qushcha baxtiyor edi. U o'z bo'stonini sevardi. Ba'zan, "Shu gullar orasidatuxumdan chiqqanim qanday yaxshi-a...!" deb pirillab-pirillab aylanib uchib qo'yardi sevinganidan. Kengliklarni kezganda hushro'y patlarini shamol tarardi. Oftob yuzini mitti tumshuqchasiga qo'shib silardi. U uchardi. Baland balandlarga parvoz qilardi. Ko'zchalari gavxarday yonib, bog'iga qaytardi. Gohida, havoning avzoyi buzilganida, boshqa chug'urchuqlar bilan makonida qolardi. Tomchilarning ziloliga termulib, uzoq-uzoq orzu qilardi. Hayollaridagi hamroxi bilan cheksiz ummonlar osha parvoz qilardi. Uni orzulariga sherik qilardi. Yomg'ir tinib, quyosh kulganida yana moviy osmonni ko'zlab qanotlarini yoyardi. 

To'satdan bo'ron boshlandi. Uni olib ketishdi. Qafasga solishdi... Mittigina yig'lamadi. Baxtni ko'zlashdan charchamadi. Unga mehr berishdi. Erkalab, suyishdi. Bora-bora u o'z qafasini yoqtirib ham qoldi...

Ammo, u kengliklarni qumsardi. Uchgisi kelganida qanotlariga qarab sayrab qo'yardi...

понедельник, 20 июня 2016 г.

U

Bir paytlar u ko'k-anorrang ryukzagini ilib Maftuna bilan aylanib yurardi. Har yili yangi mavsum formalaridan sotib olardi. Sport do'konidagi amakining ularni qayerga kiyishi va futbol haqida beradigan axmoqona savollariga e'tibor qilmasdi, ba'zida kutilmagan javoblarni berib qo'yganidan o'zicha kerilib ham qo'yardi.
Kechalari uxlamasdi goho. Futbol ko'rardi. Mexmonlar uchun solib tayyorlab qo'yilgan pista-bodom, qand-qurslardan oldiga qo'yvolib,qaynoq qora choy ham damlab olardi. Keyin uyg'onib ketgan oyisidan har safargi "Zarilmi sanga qizim?! Uxlamaysanmi undan ko'ra. Shularning birortasi kelib sanga 100$ berib, "Nozimaxon,shu pulga ko'ylak sotvoling bizga "balet" qiganiz uchun" dermidi??!!..." kabi gaplarini eshitib,  "Ehh, ayaye, bilmaysizdaa..." deb qo'yardi yanayam o'yinga berilib. Ammo, ba'zida dadasidan cho'chib turardi. Dadasining oyoq tovushini eshitishi bilan televizorni o'chirib, ko'zini yumvolardi. Negadir hijolat bo'lardi... Tongda turib "bir dunyo" gap, extiroslar bilan kechagi match haqida to'lib-toshib baxslashishga tayyor bo'lib o'qishga shoshardi. U yerda esa seriallar yo kiyimlar haqida suxbatlashib o'tirgan dugonalarini ko'rib hafsalasi pir bo'lardi.  Qayerdan ham guruxida ikkitagina yigitdan birortasiyam futbolga qiziqmaydiganlar o'qiydigan "InYaz"ga kirdim o'zi, deb afsuslanganlari ham bo'lgandi.
Turmushga chiqdi. Bo'lajak kuyovning futbol referisi ekanligini bilib, ota-onasi undan tuzuk-quruq rozilik ham so'rashmadi. Yangi kelinligida ilk marta 2 hil rangli kartochka va xushtakni qo'llari bilan ushlab ko'rib, sevinganidan "Haa, taqdir..." dedi-da, endi butun hayoti shu o'yin ichida o'tishini o'yladi.
Ammo, kelin degan yuk chakana emas ekan. Boshiga ro'molini o'rab olib, oila erkaklari bilan futbol ko'rib o'tirish saxnasi beo'xshov ko'rindi o'ziga. Endi faqat muxim o'yinlarni ko'rardi. Uyga borishlarini ham el-klasiko bo'ladigan kunlarga to'g'irlab borardi. Farzandli ham bo'ldi u. Yarim tundagi o'yinlarni ko'rishga imkon-u, hoxish bo'lsa ham mador topilmasdi.
Navbatdagi Yevropa chempionati degan ekranga mixlab qo'yadigan tomoshalar boshlandi. Har safar qaynog'asi ko'chadan shoshib kelib, "Man futbol ko'raman!" deb yugurib uyga kirib ketsa, ortidan havas bilan qarab qolardi. Oyoqlari o'sha tarafga tortib ketardiyu, ammo iftorlikka urunishi kerak. Hamma ishlar qilib bo'lindi,endi kirib ko'rsa ham bo'lar. "Jon!" derdi, faqat qaynotasi ham u yerdaligini ko'rib, tortinchoqligi sabab futbol ovozi kelayotgan xona oldidan yig'lamsirab o'tib ketadi. Tunda bolasi uxlaganda esa, yotog'idagi televizornimi, yo u yerda ko'rsatadigan Sport kanalnimi urushishni bilmay uyquga ketadi.

Undaylar ko'p. Futbol ham bir "obraz" holos. Ular o'zligidan kechadilar. Va eng qizig'i, to'laqonli ko'ngilli tarzda shunday qiladilar.
"ULAR"ni asrang!... :-)

четверг, 25 июня 2015 г.

Eng mazmunli so'zlar tildan chiqmaydi - ko'ngildan kechadi. Ularning yozuvdagi eng moxirona ifodasi ham bekor gap. Men fikrini so'zlarda chiroyli ifoda etib bera oladigan insonlarni- gap "ustalar"ini hurmat qilaman. Ammo, faqat shu xislatlari uchungina ularni aqllilar safiga kirita olmayman.

Kim bilandur tortishishning foydasi yo'q. Baxslarda ko'p narsa sarf bo'ladi: so'zlar, ketidan quloch-quloch gaplar, unga ergashib asablar. Zarar bilan foyda koeffitsienti qorishib ketadi, va "sovg'a" sifatida vaqt degan durdonaga isrof sherik bo'ladi.

Agar sizning fikringizga kimdur javob qaytarmasa o'zingizga darrov bino qo'yishga shoshilmang. Shunchaki, u inson sizdan aqlliroq (dur).  Begona haqiqatning hech kimga keragi yo'q. Har kimsaning o'z "oy"i bor!...