вторник, 15 ноября 2016 г.

Baxt

Bilasizmi nima, hayot faqat baxtdan iborat. Bu gapim sentimental odamning balandparvoz gaplariga o’xshab ko’rinayotgandur. Bilaman, g’ashingiz ham keldi, a?! Siz to’xtang, hozir tushuntiraman.

Mening ismim Nozima. Yoshim 1,3 daJ Ishonmayabsizmi?! Ishonavering!

Mening dugonam bor. Uning ismi Hamroxon. Hamroxonning ko’zlari munchoqqa o’xshaydi. Kipriklari menikidan uzun, ham chiroyli. Qoshlari qalin-  o’sma qo’ysa qop-qora uchadi. Sochlari qo’ng’ir-qo’ng’ir. Sherigim mendan chiroyliroq bo’lsa ham, uni yaxshi ko’raveraman. Chunki, biz doim birga o’ynaymiz. Hovlida quqularimizni poylab o’tiramiz, ko’rinib qolishsa sevinchdan qiyqirib-qiyqirib kulamiz. Ko’chaga chiqib babalar o’tishini kutamiz. (Biz uchun hamma 4 oyoqlilar-  “baba” ) Poda bo’lib oldimizdan o’tishayotganda men ozroq qo’rqaman babalardan, lekin Hamrojon qo’rqmaydi. Huddi atayin meni yanayam qo’rqitish uchun “BA! BA!” deb qo’llarini cho’zib ularni chaqiradi. Men uni arang uyga kirib ketishga ko’ndiraman. Keyin biz birga ovqatlanamiz. Olmani ko’rsak ko’zlarimiz chaqnab, quqularday qanot yoyganday qo’llarimizni “pir-pir” qilamiz. Mazzza qilib, suvlarini oqizib oldidagi 4ta tishimizda quyonchalarga o’xshab paqqos tushiramiz. Ashshalarniyam har qoshig’ini huddi dunyodagi eng mazali taomni yeyayotganday ishtaxa bilan yeymiz. (U hoh qaynatilgan guruch, yoki shunchaki sabzavotli sho’rva bo’lsa ham) Haligacha yurishni bilmasak ham emaklab quvlashmachoq o’ynashni qoyillatamiz. O’qishniku hali bilmaymiz-a, lekin dugonam huddi bir nimani tushunayotgandek to’g’ri kelgan kitob yoki gazetani ushlab menga nimalarnidur “o’qib” beradi o’zicha. Ba’zan uyimizga yaqin yerdagi xiyobonga boramiz. Ikkalamiz ham fontanlarni yahshi ko’ramiz. Yaqiniga borib suvlarni sachratib-sachratib o’ynaymiz. Ammo, baribir men aqlliroqmanda, ustimizni ho’l qilib yubormaylik deb sherigimni chalg’itib boshqa joyga olib ketaman. Uyqimiz kelganida uyga qaytib, “achom-achom” qilib birga uxlab qolamiz. Men uncha ko’p uxlamayman. Hamroxon turgunicha uning kukuruzlarini ham yeb qo’yadigan odatim bor...:)  Lekin, biz urushmaymiz. Chunki, biz umrbod do’stlarmiz.

 Ehhee, yana nimalarni aytay?! Bolalikka qaytib qolish mumkinligini, va bu qiyin emasligini tushungandursiz?! Baxt naqadar oddiy tushunchaligini, o’zingizning naqadar baxtli ekanligingizni anglagandursiz?!


Qanday yashashni, baxtli bo’lishni, Yaratgan bergan har qanday nasibaga ko’nib, undan baxra olishni o’rganish uchun eng oson usulni farzand ne’mati bilan berib qo’yganini ko’ryabsizmi Egamning?!