вторник, 15 ноября 2016 г.

Baxt

Bilasizmi nima, hayot faqat baxtdan iborat. Bu gapim sentimental odamning balandparvoz gaplariga o’xshab ko’rinayotgandur. Bilaman, g’ashingiz ham keldi, a?! Siz to’xtang, hozir tushuntiraman.

Mening ismim Nozima. Yoshim 1,3 daJ Ishonmayabsizmi?! Ishonavering!

Mening dugonam bor. Uning ismi Hamroxon. Hamroxonning ko’zlari munchoqqa o’xshaydi. Kipriklari menikidan uzun, ham chiroyli. Qoshlari qalin-  o’sma qo’ysa qop-qora uchadi. Sochlari qo’ng’ir-qo’ng’ir. Sherigim mendan chiroyliroq bo’lsa ham, uni yaxshi ko’raveraman. Chunki, biz doim birga o’ynaymiz. Hovlida quqularimizni poylab o’tiramiz, ko’rinib qolishsa sevinchdan qiyqirib-qiyqirib kulamiz. Ko’chaga chiqib babalar o’tishini kutamiz. (Biz uchun hamma 4 oyoqlilar-  “baba” ) Poda bo’lib oldimizdan o’tishayotganda men ozroq qo’rqaman babalardan, lekin Hamrojon qo’rqmaydi. Huddi atayin meni yanayam qo’rqitish uchun “BA! BA!” deb qo’llarini cho’zib ularni chaqiradi. Men uni arang uyga kirib ketishga ko’ndiraman. Keyin biz birga ovqatlanamiz. Olmani ko’rsak ko’zlarimiz chaqnab, quqularday qanot yoyganday qo’llarimizni “pir-pir” qilamiz. Mazzza qilib, suvlarini oqizib oldidagi 4ta tishimizda quyonchalarga o’xshab paqqos tushiramiz. Ashshalarniyam har qoshig’ini huddi dunyodagi eng mazali taomni yeyayotganday ishtaxa bilan yeymiz. (U hoh qaynatilgan guruch, yoki shunchaki sabzavotli sho’rva bo’lsa ham) Haligacha yurishni bilmasak ham emaklab quvlashmachoq o’ynashni qoyillatamiz. O’qishniku hali bilmaymiz-a, lekin dugonam huddi bir nimani tushunayotgandek to’g’ri kelgan kitob yoki gazetani ushlab menga nimalarnidur “o’qib” beradi o’zicha. Ba’zan uyimizga yaqin yerdagi xiyobonga boramiz. Ikkalamiz ham fontanlarni yahshi ko’ramiz. Yaqiniga borib suvlarni sachratib-sachratib o’ynaymiz. Ammo, baribir men aqlliroqmanda, ustimizni ho’l qilib yubormaylik deb sherigimni chalg’itib boshqa joyga olib ketaman. Uyqimiz kelganida uyga qaytib, “achom-achom” qilib birga uxlab qolamiz. Men uncha ko’p uxlamayman. Hamroxon turgunicha uning kukuruzlarini ham yeb qo’yadigan odatim bor...:)  Lekin, biz urushmaymiz. Chunki, biz umrbod do’stlarmiz.

 Ehhee, yana nimalarni aytay?! Bolalikka qaytib qolish mumkinligini, va bu qiyin emasligini tushungandursiz?! Baxt naqadar oddiy tushunchaligini, o’zingizning naqadar baxtli ekanligingizni anglagandursiz?!


Qanday yashashni, baxtli bo’lishni, Yaratgan bergan har qanday nasibaga ko’nib, undan baxra olishni o’rganish uchun eng oson usulni farzand ne’mati bilan berib qo’yganini ko’ryabsizmi Egamning?!

понедельник, 24 октября 2016 г.

Qushcha

Go'zal bir bog'da mitti qushcha yashardi. Qushcha baxtiyor edi. U o'z bo'stonini sevardi. Ba'zan, "Shu gullar orasidatuxumdan chiqqanim qanday yaxshi-a...!" deb pirillab-pirillab aylanib uchib qo'yardi sevinganidan. Kengliklarni kezganda hushro'y patlarini shamol tarardi. Oftob yuzini mitti tumshuqchasiga qo'shib silardi. U uchardi. Baland balandlarga parvoz qilardi. Ko'zchalari gavxarday yonib, bog'iga qaytardi. Gohida, havoning avzoyi buzilganida, boshqa chug'urchuqlar bilan makonida qolardi. Tomchilarning ziloliga termulib, uzoq-uzoq orzu qilardi. Hayollaridagi hamroxi bilan cheksiz ummonlar osha parvoz qilardi. Uni orzulariga sherik qilardi. Yomg'ir tinib, quyosh kulganida yana moviy osmonni ko'zlab qanotlarini yoyardi. 

To'satdan bo'ron boshlandi. Uni olib ketishdi. Qafasga solishdi... Mittigina yig'lamadi. Baxtni ko'zlashdan charchamadi. Unga mehr berishdi. Erkalab, suyishdi. Bora-bora u o'z qafasini yoqtirib ham qoldi...

Ammo, u kengliklarni qumsardi. Uchgisi kelganida qanotlariga qarab sayrab qo'yardi...

понедельник, 20 июня 2016 г.

U

Bir paytlar u ko'k-anorrang ryukzagini ilib Maftuna bilan aylanib yurardi. Har yili yangi mavsum formalaridan sotib olardi. Sport do'konidagi amakining ularni qayerga kiyishi va futbol haqida beradigan axmoqona savollariga e'tibor qilmasdi, ba'zida kutilmagan javoblarni berib qo'yganidan o'zicha kerilib ham qo'yardi.
Kechalari uxlamasdi goho. Futbol ko'rardi. Mexmonlar uchun solib tayyorlab qo'yilgan pista-bodom, qand-qurslardan oldiga qo'yvolib,qaynoq qora choy ham damlab olardi. Keyin uyg'onib ketgan oyisidan har safargi "Zarilmi sanga qizim?! Uxlamaysanmi undan ko'ra. Shularning birortasi kelib sanga 100$ berib, "Nozimaxon,shu pulga ko'ylak sotvoling bizga "balet" qiganiz uchun" dermidi??!!..." kabi gaplarini eshitib,  "Ehh, ayaye, bilmaysizdaa..." deb qo'yardi yanayam o'yinga berilib. Ammo, ba'zida dadasidan cho'chib turardi. Dadasining oyoq tovushini eshitishi bilan televizorni o'chirib, ko'zini yumvolardi. Negadir hijolat bo'lardi... Tongda turib "bir dunyo" gap, extiroslar bilan kechagi match haqida to'lib-toshib baxslashishga tayyor bo'lib o'qishga shoshardi. U yerda esa seriallar yo kiyimlar haqida suxbatlashib o'tirgan dugonalarini ko'rib hafsalasi pir bo'lardi.  Qayerdan ham guruxida ikkitagina yigitdan birortasiyam futbolga qiziqmaydiganlar o'qiydigan "InYaz"ga kirdim o'zi, deb afsuslanganlari ham bo'lgandi.
Turmushga chiqdi. Bo'lajak kuyovning futbol referisi ekanligini bilib, ota-onasi undan tuzuk-quruq rozilik ham so'rashmadi. Yangi kelinligida ilk marta 2 hil rangli kartochka va xushtakni qo'llari bilan ushlab ko'rib, sevinganidan "Haa, taqdir..." dedi-da, endi butun hayoti shu o'yin ichida o'tishini o'yladi.
Ammo, kelin degan yuk chakana emas ekan. Boshiga ro'molini o'rab olib, oila erkaklari bilan futbol ko'rib o'tirish saxnasi beo'xshov ko'rindi o'ziga. Endi faqat muxim o'yinlarni ko'rardi. Uyga borishlarini ham el-klasiko bo'ladigan kunlarga to'g'irlab borardi. Farzandli ham bo'ldi u. Yarim tundagi o'yinlarni ko'rishga imkon-u, hoxish bo'lsa ham mador topilmasdi.
Navbatdagi Yevropa chempionati degan ekranga mixlab qo'yadigan tomoshalar boshlandi. Har safar qaynog'asi ko'chadan shoshib kelib, "Man futbol ko'raman!" deb yugurib uyga kirib ketsa, ortidan havas bilan qarab qolardi. Oyoqlari o'sha tarafga tortib ketardiyu, ammo iftorlikka urunishi kerak. Hamma ishlar qilib bo'lindi,endi kirib ko'rsa ham bo'lar. "Jon!" derdi, faqat qaynotasi ham u yerdaligini ko'rib, tortinchoqligi sabab futbol ovozi kelayotgan xona oldidan yig'lamsirab o'tib ketadi. Tunda bolasi uxlaganda esa, yotog'idagi televizornimi, yo u yerda ko'rsatadigan Sport kanalnimi urushishni bilmay uyquga ketadi.

Undaylar ko'p. Futbol ham bir "obraz" holos. Ular o'zligidan kechadilar. Va eng qizig'i, to'laqonli ko'ngilli tarzda shunday qiladilar.
"ULAR"ni asrang!... :-)