Dadajon, qaniydi qo’limdan kelsa sizga
olam-olam misralarni baxshida qilsam. Ko’ngildagi bor mehrimni ifoda etib
berolsam qaniydi!...
Endi biz bir uyda yashamaymiz. Esimda, o’sha
kun roziligimni bilish uchun gap ochdingiz. Ko’nglim bo’lmasa ham sizga bu haqda
og’iz ocholmadim. O’shanda “O’zing hal qil. Bu sening hayoting!...” dedingiz.
Ammo, taqdirimni sizning qo’lingizga topshirdim. Siz men uchun bolaligimdan eng
komil inson bo’lib kelgansiz. Shunda ham qanday qilib taqdirimni o’zimdek bir
“g’o’r” odamga ishonay axir?!
Sezardim. Qaroringizdan hayiqdingiz. Baxtim
mas’uliyati yelkangizni biroz cho’ktirgandek tuyuldi. O’ylanib, uxlolmay
chiqqaningiz xorg’in yuzingizdan, bomdodlarda joynamozda duo ustida uzoq sukut
saqlashlaringizdan bilinardi. Meni ham yuk bosardi. O’z shaxsiy baxtimdan
ko’ra, sizni baxtiyor qilish o’yi ko’proq egallagandi fikru- hayolimni.
Yor-yor ikkimizning ham yuraklarimizni
avvalgidanda kuchliroq ezgan kun keldi. Paranjini kiydirishganida, ko’zimdan
daryo bo’lib yoshlar oqdi. Sizning nur yuzingizga ham bir qator durlar
to’kildi. Otajon, men bilardim bu durlarning taqdirini. Ikkimiz ham
bilardik!...
Sizning qaynoq bag’ringizdan ketib, boshqa
birovni bir necha kundayoq “Dada!” deb atay boshladim. Haa, qizning qismati shu
ekan. Tiling “dada!” deb chiqarkanu, lekin vaqti kelib, undan ayro yashashga va
endi o’zga insonni bu nom bilan atab, tonglarda salom berib, ishdan kelganida
qo’llariga suv tutib, duolarini olishga mushtoq bo’larkansan. Eehh, otajonim-a!
4 ta qizni chiqarib, shuncha marta qalbingizni larzaga keltiradigan qismatingiz
ekanda bu!...
Bilaman, har safar uyga borganimda ko’zimga
qarab turasiz. Ularda baxt uchqunlarini ko’rish ilinjida bexalovat bo’lasiz.
Padarim! Buzrukvorim! Mendan ko’nglingiz to’q bo’lsin. Siz menga loyiq ko’rgan
uyda menga mehribonlar. Bilasizmi, o’zga dada ham huddi sizga o’xshaydilar.
Pishirgan ovqatlarimni hali tatib ko’rmasdanoq maqtashni boshlaydilar. Men ham
ularga mehr qo’ydim. Axir, oddiygina va buyuk mana shu “dada” degan so’z
xaqqi-hurmati ham boshqacha munosabatga siz menda shakllantirgan vijdon izn
bermaydi.
Lekin, dadajon, har kuni hayolimda faqat bir
havotir: sizni rozi qila oldimmi?! Bilaman, sizga bor mehrimni ko’rsata
olmadim. Erkaligim ba’zida bunga halaqit berdi. Endi esa ko’nglimda faqat bir
istak: Alloh siz uchun hayotning uzoq manzillarini hadya qilsin. Tushunib
turibman, oldingizdagi burchimni qancha olis yo’l yurib ham ado eta olmayman.
Ammo, hech bo’lmasa, mana shu baxtning bir zarrasidan umidvorman! Imkon
ilinjidaman!...
Kecha universitetda she’r o’qishdi: “O’g’lim
yo’q deb o’ksimaganim. Paxlavonim, otajonim!...”. Dado’, o’sha paytda ko’zim
namini berkitolmadim. Hozir ham, hali avtobusda bular haqida yozishni o’ylab
kelyotganimda ham yig’ladim. Yo’q, sizga bo’lgan mehrimni ko’z yoshlari bilan
bildirishni istamayman! Mehr ifodasining eng axmoqona ko’rinishi bo’lsa kerak a
bu?!
Aslida, bu yozganlarim dengizdan bir tomchigina
holos. Yozishni boshlab-u, qayerda to’xtatilishini bilmayotgan qatorlarda
ko’nglim tubidagi gaplarning bir surati bor holos.
12:38.
18-mart. Farg'ona.
Uydagilarimga o'qib beraman.
ОтветитьУдалитьОдамни тулкинлантирадиган пост...
ОтветитьУдалитьЯшанг Зилолахон...
Ajoyib...
ОтветитьУдалитьYashang....
ОтветитьУдалитьКойил. Рахмат
ОтветитьУдалить