понедельник, 23 марта 2015 г.

Dadamga

Dadajon, qaniydi qo’limdan kelsa sizga olam-olam misralarni baxshida qilsam. Ko’ngildagi bor mehrimni ifoda etib berolsam qaniydi!...
Endi biz bir uyda yashamaymiz. Esimda, o’sha kun roziligimni bilish uchun gap ochdingiz. Ko’nglim bo’lmasa ham sizga bu haqda og’iz ocholmadim. O’shanda “O’zing hal qil. Bu sening hayoting!...” dedingiz. Ammo, taqdirimni sizning qo’lingizga topshirdim. Siz men uchun bolaligimdan eng komil inson bo’lib kelgansiz. Shunda ham qanday qilib taqdirimni o’zimdek bir “g’o’r” odamga ishonay axir?!
Sezardim. Qaroringizdan hayiqdingiz. Baxtim mas’uliyati yelkangizni biroz cho’ktirgandek tuyuldi. O’ylanib, uxlolmay chiqqaningiz xorg’in yuzingizdan, bomdodlarda joynamozda duo ustida uzoq sukut saqlashlaringizdan bilinardi. Meni ham yuk bosardi. O’z shaxsiy baxtimdan ko’ra, sizni baxtiyor qilish o’yi ko’proq egallagandi fikru- hayolimni.
Yor-yor ikkimizning ham yuraklarimizni avvalgidanda kuchliroq ezgan kun keldi. Paranjini kiydirishganida, ko’zimdan daryo bo’lib yoshlar oqdi. Sizning nur yuzingizga ham bir qator durlar to’kildi. Otajon, men bilardim bu durlarning taqdirini. Ikkimiz ham bilardik!...
Sizning qaynoq bag’ringizdan ketib, boshqa birovni bir necha kundayoq “Dada!” deb atay boshladim. Haa, qizning qismati shu ekan. Tiling “dada!” deb chiqarkanu, lekin vaqti kelib, undan ayro yashashga va endi o’zga insonni bu nom bilan atab, tonglarda salom berib, ishdan kelganida qo’llariga suv tutib, duolarini olishga mushtoq bo’larkansan. Eehh, otajonim-a! 4 ta qizni chiqarib, shuncha marta qalbingizni larzaga keltiradigan qismatingiz ekanda bu!...
Bilaman, har safar uyga borganimda ko’zimga qarab turasiz. Ularda baxt uchqunlarini ko’rish ilinjida bexalovat bo’lasiz. Padarim! Buzrukvorim! Mendan ko’nglingiz to’q bo’lsin. Siz menga loyiq ko’rgan uyda menga mehribonlar. Bilasizmi, o’zga dada ham huddi sizga o’xshaydilar. Pishirgan ovqatlarimni hali tatib ko’rmasdanoq maqtashni boshlaydilar. Men ham ularga mehr qo’ydim. Axir, oddiygina va buyuk mana shu “dada” degan so’z xaqqi-hurmati ham boshqacha munosabatga siz menda shakllantirgan vijdon izn bermaydi.
Lekin, dadajon, har kuni hayolimda faqat bir havotir: sizni rozi qila oldimmi?! Bilaman, sizga bor mehrimni ko’rsata olmadim. Erkaligim ba’zida bunga halaqit berdi. Endi esa ko’nglimda faqat bir istak: Alloh siz uchun hayotning uzoq manzillarini hadya qilsin. Tushunib turibman, oldingizdagi burchimni qancha olis yo’l yurib ham ado eta olmayman. Ammo, hech bo’lmasa, mana shu baxtning bir zarrasidan umidvorman! Imkon ilinjidaman!...
Kecha universitetda she’r o’qishdi: “O’g’lim yo’q deb o’ksimaganim. Paxlavonim, otajonim!...”. Dado’, o’sha paytda ko’zim namini berkitolmadim. Hozir ham, hali avtobusda bular haqida yozishni o’ylab kelyotganimda ham yig’ladim. Yo’q, sizga bo’lgan mehrimni ko’z yoshlari bilan bildirishni istamayman! Mehr ifodasining eng axmoqona ko’rinishi bo’lsa kerak a bu?!

Aslida, bu yozganlarim dengizdan bir tomchigina holos. Yozishni boshlab-u, qayerda to’xtatilishini bilmayotgan qatorlarda ko’nglim tubidagi gaplarning bir surati bor holos.

12:38. 18-mart. Farg'ona.