понедельник, 20 июня 2016 г.

U

Bir paytlar u ko'k-anorrang ryukzagini ilib Maftuna bilan aylanib yurardi. Har yili yangi mavsum formalaridan sotib olardi. Sport do'konidagi amakining ularni qayerga kiyishi va futbol haqida beradigan axmoqona savollariga e'tibor qilmasdi, ba'zida kutilmagan javoblarni berib qo'yganidan o'zicha kerilib ham qo'yardi.
Kechalari uxlamasdi goho. Futbol ko'rardi. Mexmonlar uchun solib tayyorlab qo'yilgan pista-bodom, qand-qurslardan oldiga qo'yvolib,qaynoq qora choy ham damlab olardi. Keyin uyg'onib ketgan oyisidan har safargi "Zarilmi sanga qizim?! Uxlamaysanmi undan ko'ra. Shularning birortasi kelib sanga 100$ berib, "Nozimaxon,shu pulga ko'ylak sotvoling bizga "balet" qiganiz uchun" dermidi??!!..." kabi gaplarini eshitib,  "Ehh, ayaye, bilmaysizdaa..." deb qo'yardi yanayam o'yinga berilib. Ammo, ba'zida dadasidan cho'chib turardi. Dadasining oyoq tovushini eshitishi bilan televizorni o'chirib, ko'zini yumvolardi. Negadir hijolat bo'lardi... Tongda turib "bir dunyo" gap, extiroslar bilan kechagi match haqida to'lib-toshib baxslashishga tayyor bo'lib o'qishga shoshardi. U yerda esa seriallar yo kiyimlar haqida suxbatlashib o'tirgan dugonalarini ko'rib hafsalasi pir bo'lardi.  Qayerdan ham guruxida ikkitagina yigitdan birortasiyam futbolga qiziqmaydiganlar o'qiydigan "InYaz"ga kirdim o'zi, deb afsuslanganlari ham bo'lgandi.
Turmushga chiqdi. Bo'lajak kuyovning futbol referisi ekanligini bilib, ota-onasi undan tuzuk-quruq rozilik ham so'rashmadi. Yangi kelinligida ilk marta 2 hil rangli kartochka va xushtakni qo'llari bilan ushlab ko'rib, sevinganidan "Haa, taqdir..." dedi-da, endi butun hayoti shu o'yin ichida o'tishini o'yladi.
Ammo, kelin degan yuk chakana emas ekan. Boshiga ro'molini o'rab olib, oila erkaklari bilan futbol ko'rib o'tirish saxnasi beo'xshov ko'rindi o'ziga. Endi faqat muxim o'yinlarni ko'rardi. Uyga borishlarini ham el-klasiko bo'ladigan kunlarga to'g'irlab borardi. Farzandli ham bo'ldi u. Yarim tundagi o'yinlarni ko'rishga imkon-u, hoxish bo'lsa ham mador topilmasdi.
Navbatdagi Yevropa chempionati degan ekranga mixlab qo'yadigan tomoshalar boshlandi. Har safar qaynog'asi ko'chadan shoshib kelib, "Man futbol ko'raman!" deb yugurib uyga kirib ketsa, ortidan havas bilan qarab qolardi. Oyoqlari o'sha tarafga tortib ketardiyu, ammo iftorlikka urunishi kerak. Hamma ishlar qilib bo'lindi,endi kirib ko'rsa ham bo'lar. "Jon!" derdi, faqat qaynotasi ham u yerdaligini ko'rib, tortinchoqligi sabab futbol ovozi kelayotgan xona oldidan yig'lamsirab o'tib ketadi. Tunda bolasi uxlaganda esa, yotog'idagi televizornimi, yo u yerda ko'rsatadigan Sport kanalnimi urushishni bilmay uyquga ketadi.

Undaylar ko'p. Futbol ham bir "obraz" holos. Ular o'zligidan kechadilar. Va eng qizig'i, to'laqonli ko'ngilli tarzda shunday qiladilar.
"ULAR"ni asrang!... :-)